Yangiliklar
Joriy yilning 6-7-yanvar kunlari Toshkent shahrida “O‘qituvchilar olimpiadasi”ning Respublika bosqichi fizika fanidan Ortiqboyev Dilmurod 2-o‘rin sohibi bo‘ldi
9-yanvar 2023-yil
Toshkent shahar, Yakkasaroy tumanidagi 118-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan mazkur olimpiadada respublikamizning turli viloyatlarida faoliyat olib borayotgan eng kuchli matematika, kimyo, biologiya va fizika fani o‘qituvchilari o‘zaro bellashdilar.Ma’lumki, o‘qituvchilar olimpiadasi 2021-2022-o‘quv yilidan boshlab matematika fani bo‘yicha ilg‘or, tashabbuskor va ijodkor pedagoglarni aniqlash, qobiliyat, kasbiy mahoratlarini ro‘yobga chiqarish, ko‘maklashish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida uch bosqichda o‘tkazilgan bo‘lib, unda jami 6000 ga yaqin o‘qituvchi ishtirok etgan edi.
2022-2023-o‘quv yilida mazkur olimpiada uch bosqichda tashkil qilinib, dastlabki bosqichda ixtiyoriy ravishda respublika bo‘yicha jami 30 ming nafarga yaqin o‘qituvchilar ishtirok etishdi. Nizom talablariga ko‘ra, “O‘qituvchilar olimpiadasi”da matematika, kimyo, fizika va biologiya fanlaridan mamlakatimizning barcha maktablaridan viloyat bosqichlarida ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan 168 nafar iqtidorli o‘qituvchilar ishtirok etishlari belgilanib, viloyatimizdan ham 12 nafar yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritib g‘olib bo‘lgan iqtidorli va mahoratli o‘qituvchilarimiz ishtirok etishdi.

“O‘qituvchilar olimpiadasi”ning Respublika bosqichida har bir fandan eng yuqori ball to‘plagan kuchli 6 nafardan o‘qituvchilar tanlab olinib, ular g‘olib deb e’lon qilindi. Mazkur olimpiada natijalariga ko‘ra viloyatimizdan fizika fanidan Ortiqboyev Dilmurod 2-o‘rin, matematika fanidan Ismoilov Doniyol 6- o‘rinni egalladi.
G‘olib o‘qituvchilarimiz maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Umarova Hilola O‘ktamovna tomonidan diplom va qimmatbaho estalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.