Yangiliklar
Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l
21-oktabr 2026-yil
Davlatimiz rahbari “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” Butunjahon Sammiti ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi.
O‘zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilish, maktabgacha ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, ijtimoiy xizmatlarni oilalarga yaqinlashtirish bo‘yicha islohotlarni davom ettirmoqdamiz. Nogironligi bo‘lgan bolalarning ta’limda ishtirok etishi, bolalarni zo‘ravonlik va ekspluatatsiyadan himoya qilishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.
Keng qamrovli islohotlarimiz natijasida tug‘ruq jarayonida onalar o‘limi, bolalarning o‘sishdan ortda qolishi ikki barobar qisqardi, maktabgacha ta’lim qamrovi 27,7 foizdan 78 foizga oshirildi, olti yoshli bolalarning qariyb 100 foizi maktabga tayyorlovga jalb etildi, oliy ta’lim bilan qamrov 5 barobar – 9 foizdan 45 foizga oshdi.
Biz mamlakatimizda yaratilgan oila va bola ehtiyojini barvaqt aniqlab, yordam beradigan ijtimoiy himoya tizimi orqali so‘nggi besh yilda bolalar kambag‘alligi qariyb 4 baravarga qisqardi.
Shu bilan birga keyingi ikki yildagi islohotlar orqali inklyuziv maktablar soni 5 barobar ortib, nogironligi bo‘lgan bolalarning 85 foizdan ortig‘i ta’lim xizmatlariga jalb etildi, — deyiladi tabrikda.