Yangiliklar
“EL-YURT UMIDI” JAMG‘ARMASI: YOSHLAR UCHUN YANGI IMKONIYATLAR
9-oktabr 2026-yil
Sirdaryo viloyatida “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati va xorijda ta’lim olish imkoniyatlarini keng targ‘ib etishga qaratilgan uchrashuvlar tashkil etildi.
Tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Farmoni mazmun-mohiyatini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazildi.
Jumladan, Guliston shahridagi Yoshlar markazida, Prezident maktabida hamda Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filiali majlislar zalida targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, viloyatning boshqa tuman va shaharlarida Zoom platformasi orqali hududiy uchrashuvlar tashkil etildi.
Uchrashuvlarda oliy ta’lim muassasalari talabalari, umumta’lim maktablarining 11-sinf o‘quvchilari, yoshlar yetakchilari, yosh davlat xizmatchilari, kam ta’minlangan oilalar farzandlari hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari ishtirok etdi.
Tadbirlar davomida yoshlarga xorijda ta’lim olish imkoniyatlari, xalqaro tajriba orttirish, kasbiy salohiyatni yuksaltirish va kelajakda mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish masalalari yuzasidan tushunchalar berildi.
Maqsad — bilimli, salohiyatli va raqobatbardosh yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning xalqaro ta’lim imkoniyatlaridan samarali foydalanishiga ko‘maklashish.
#ElYurtUmidi #Yoshlar #Ta’lim #Sirdaryo